Uning so'zlariga ko'ra, IT Park Ventures missiyasi startaplar uchun global bozorlarga muvaffaqiyatli chiqishlari uchun kapital, ekspertiza va resurslar taqdim etishdan iborat.
Fondning ustaviy kapitali $10 millionni tashkil etadi. Shundan 75–85% to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalarga yo'naltiriladi, qolgan mablag'lar esa startaplarni chet el bozorlariga ilgari surishga qaratilgan Local2Global dasturiga sarflanadi.
Bitta loyiha uchun o'rtacha investitsiya hajmi $150 mingni tashkil etadi, bunda summalar startapning rivojlanish bosqichiga qarab farqlanadi:
- g'oya bosqichi — $10 mingdan $30 minggacha;
- minimal hayotiy mahsulot (MVP) — $50 mingdan $150 minggacha;
- urug' bosqichi yoki o'sish bosqichi — $150 mingdan $300 minggacha;
- "A" investitsiya raundi — $500 mingdan $1 milliongacha.
IT Park Ventures asosiy e'tiborini sun'iy intellekt va mashinani o'rganish sohalaridagi loyihalarga qaratadi — bu yo'nalishlarga 50–60% investitsiyalar yo'naltirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, "yashil" texnologiyalar (GreenTech), ta'lim texnologiyalari, fintech va o'yinlar ishlab chiqish ham ustuvor yo'nalishlar bo'ladi.
Fond dastlabki uch yil davomida faol investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda, keyin esa 4–8 yil davomida loyiha portfelini bosqichma-bosqich kengaytirib, investitsiyalardan chiqish strategiyasini amalga oshirishga tayyorgarlik ko'radi.